Qozog'istondagi sammitda Prezident nutqi

Sizlarni qutlashdan chin dildan mamnunman.
Samimiy qabul va uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun Qozogʼiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqaevga bildirilgan minnatdorlik soʼzlariga qoʼshilaman.
Germaniya Federal kantsleri hurmatli Olaf Sholts Janobi Oliylariga mintaqamiz mamlakatlari bilan koʼp qirrali sheriklikni kengaytirish tarafdori ekanligi uchun tashakkur izhor qilaman.
Bizning Berlindagi ilk uchrashuvimiz va bugungi sammit aniq, amaliy natijalarga erishishga qaratilgan ochiq va konstruktiv muloqotimizni davom ettirishga boʼlgan umumiy intilishimizni yana bir bor tasdiqlamoqda.
Biz ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqiladigan bunday formatdagi uchrashuvlarni muntazam oʼtkazib borishdan manfaatdormiz.
Hurmatli Federal kantsler Janobi Oliylari!
Biz Germaniyaning mamlakatlarimizda olib borilayotgan demokratik oʼzgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, Markaziy Osiyodagi hamkorlik va integratsiyani qatʼiy hamda oʼzgarmas qoʼllab-quvvatlashini yuksak qadrlaymiz.
Shuni alohida taʼkidlaymanki, bizning munosabatlarimiz chuqur tarixiy ildizlarga ega. XVIII asrdayoq Yevropadagi Maʼrifatparvarlik davrining buyuk bastakori Gendelь oʼz ijodining shoh asarlaridan biri boʼlgan “Аmir Temur” operasini yaratgan. Buyuk shoir va faylasuf Gyote oʼzining bir qator mashhur asarlarini sivilizatsiya markazlari boʼlgan qadimiy shaharlarimizga bagʼishlagan.
Yana bir tarixiy misolni keltiraman. XX asr boshida Markaziy Osiyoning bir guruh isteʼdodli, taraqqiyparvar yoshlari Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olishgan va keyinchalik maʼrifatparvarlik gʼoyalarini ilgari surish, mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qoʼshganlar.
Taʼkidlamoqchimanki, biz bugun Germaniyani barqaror rivojlanish boʼyicha milliy maqsadlarga erishishda muhim hamkorlarimizdan biri sifatida koʼramiz.
Soʼnggi yillarda Markaziy Osiyoda roʼy berayotgan chuqur, fundamental oʼzgarishlar haqida qisqacha toʼxtalib oʼtmoqchiman.
Biz ochiq va samarali muloqotni yoʼlga qoʼydik, chegara, suv, energetika, savdo, tranzit bilan bogʼliq koʼplab muammolarni mustaqil hal qilayapmiz.
Yaqinda bu yerda, Ostona shahrida mintaqa davlatlari rahbarlarining oltinchi uchrashuvini oʼtkazdik.
Mintaqaning xalqaro subʼekt sifatidagi oʼrni mustahkamlanmoqda, jahonning yetakchi mamlakatlari bilan “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi hamkorligi kengaymoqda.
Mintaqa ichidagi savdo aylanmasi, investitsiyalar, yuk tashuvlari, fuqarolarimizning sayyohlik tashriflari koʼrsatkichlari bir necha barobar oʼsdi.
Biz “yashil” energetika va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishni muhokama qilayapmiz.
Tajriba va texnologiyalarni almashyapmiz, sanoat va qishloq xoʼjaligi sohalarida zamonaviy korxonalar tashkil etayapmiz, kooperatsiya loyihalarini ragʼbatlantirish boʼyicha moliyaviy vositalarni joriy qilayapmiz.
Eng muhimi, mintaqamizning ertangi kuni, uning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti faqat bizning siyosiy irodamiz va saʼy-harakatlarimizga bogʼliq ekanini aniq tasavvur qilmoqdamiz.
Biz yevropalik sheriklarimiz, eng avvalo, Yevropa Ittifoqining mamlakatlarimiz bilan hamkorlik boʼyicha strategiya va koʼp tomonlama dasturlarining asosiy tashabbuskori boʼlgan Germaniyaning qiziqishlarini samimiy olqishlaymiz.
Kelgusi yili “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi navbatdagi sammitni Oʼzbekistonda, uchrashuvimiz kun tartibidagi asosiy mavzuni mintaqa kelajagiga investitsiyalar deb belgilagan holda, oʼtkazishga tayyorgarlik koʼrayapmiz.
Hurmatli hamkasblar!
Mojarolar va urushlar, umuman, global miqyosdagi beqarorlik va vaziyat qaysi tomonga oʼzgarishi noaniq boʼlib qolayotgani, sanktsiyalar siyosati, protektsionizmning kuchayishi va boshqa koʼplab omillar mamlakatlarimizga haddan tashqari salbiy taʼsir koʼrsatmoqda, milliy islohotlarimizni amalga oshirishda jiddiy sinovga aylanmoqda.
Kechagina hurmatli Olaf Sholьts Janobi Oliylari bilan Samarqanddagi muzokaralarimiz chogʼida men bugungi uchrashuvimizdan kutayotgan yuksak natijalar haqida fikr almashdim.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yoʼnalishlari boʼyicha qarashlarimizni bayon etishni istar edim.
Birinchi. Markaziy Osiyo va Germaniya oʼrtasida oʼrnatilgan mintaqa barqarorligi, barqaror rivojlanishi va farovonligini taʼminlash boʼyicha umumiy manfaatlarimizga javob beradigan strategik mintaqaviy hamkorlikni yuksak qadrlaymiz.
Ustuvor sohalarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish kontseptsiyasini qabul qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun “Markaziy Osiyo – Germaniya” tahliliy markazlari Forumini taʼsis etish imkoniyatlarini koʼrib chiqishni taklif qilamiz.
Uning birinchi yigʼilishini kelgusi yili mintaqadagi qadimiy shaharlardan biri, nemis-mennonitlarining katta jamoasi yashagan Xivada oʼtkazishga tayyormiz.
Sammitlarimiz kun tartiblarini tayyorlashda mamlakatlarimiz tashqi siyosat idoralari rahbarlarining yillik uchrashuvlari muhim rolь oʼynaydi, deb hisoblaymiz.
Ikkinchi. Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsion va texnologik sheriklik.
Taʼkidlash oʼrinliki, Oʼzbekistonda nemis kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilgan va istiqbolli loyihalar umumiy portfeli 20 milliard yevrodan oshmoqda. Ular energetika, kimyo, togʼ-kon sanoati, mashinasozlik, toʼqimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʼjaligi, transport va logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʼnalishlarini qamrab oladi.
Sheriklarimiz orasida – Germaniyaning yetakchi, jumladan, “Simens”, “Linde”, “BАSF”, “MАN”, “Klaas”, “Xenkelь”, “Knauf” va boshqa koʼplab kompaniyalari soʼnggi bir necha yilda Oʼzbekiston iqtisodiyotiga 6 milliard yevro sarmoya kiritdi.
Bugun bizda nemis biznesi vakillari bilan istiqbolli rejalarni muhokama qilish imkoniyati bor.
Ishbilarmonlar hamkorligini rivojlantirish maqsadida quyidagilarni taklif etaman: Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya sarmoyaviy va texnologik hamkorligini kengaytirishning yoʼl xaritasini ishlab chiqish; chegara hududlarida yaratilayotgan alohida iqtisodiy va sanoat zonalaridagi hamda mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilma loyihalarni amalga oshirishga yetakchi nemis kompaniyalari va banklarini jalb etish; doimiy biznes-muloqot maydonchasi – “Markaziy Osiyo va Germaniya” investor va tadbirkorlari kengashini ishga tushirish. Uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Toshkent investitsiya forumi doirasida Oʼzbekistonda oʼtkazishga tayyormiz; investitsiyalarni ragʼbatlantirish va himoya qilish toʼgʼrisidagi koʼp tomonlama hukumatlararo bitimni qabul qilish imkoniyatini koʼrib chiqish.
Uchinchi. Germaniyaning ilgʼor bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida muhim xom-ashyo resurslari sohasida sheriklik.
Аvval ham qayd etganimizdek, mintaqamiz foydali qazilmalarga boy. Germaniya mineral resurslar agentligi va nemis kompaniyalari bu sohada bizning muhim sheriklarimiz boʼlishi mumkin.
Bu oʼrinda gap geologiya razvedkasi, jadal oʼzlashtirish, qayta ishlash, yuqori qoʼshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga yetkazib berish loyihalari haqida bormoqda.
Oʼzbekiston qoʼshni mamlakatlardagi bunday loyihalarni birgalikda amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor.
Mintaqamizda muhim xomashyo va nodir yer osti metallari aniqlangan konlarining raqamli kartasini yaratish boʼyicha dasturni ishlab chiqishda Germaniya texnik koʼmagini jalb etish istiqbollidir. Bunday hamkorlikning ishonchli huquqiy bazasini shakllantirish muhim deb hisoblaymiz.
Toʼrtinchi. “Yashil” energetika.
Soʼnggi yillarda mamlakatlarimizda quyosh, shamol, gidroenergetika faol rivojlanmoqda, issiqlik stantsiyalari va tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda, “yashil” vodorod loyihalari ilgari surilmoqda.
Energetika vazirliklari, korporatsiyalar, operatorlar, ilmiy tashkilotlar, loyiha institutlari va tarmoq ekspertlarini jalb etgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetik muloqotini yoʼlga qoʼyish imkoniyatlarini koʼrib chiqishni taklif etamiz.
Biz Germaniya texnik koʼmagini jalb etgan holda kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislarimiz salohiyatini oshirish kompleks dasturini tayyorlashdan manfaatdormiz.
Beshinchi. Iqlim oʼzgarishlariga birgalikda javob qaytarish.
Ekspertlar prognoziga koʼra, Markaziy Osiyo mintaqasi global isish oqibatlariga nihoyatda bogʼliq boʼlib qolmoqda. Oʼrtacha haroratning oshishi jahondagi oʼrtacha koʼrsatkichdan ikki barobar koʼproq boʼlmoqda.
“Yashil Markaziy Osiyo” dasturlari ikkinchi doirasi ishga tushirilgani va iqlim oʼzgarishlariga mintaqaning moslashuviga koʼmak uchun nemis tomoniga minnatdorlik bildiraman.
Biz Аtrof muhim va iqlim oʼzgarishlarini oʼrganish boʼyicha Markaziy Osiyo universiteti bazasida qoʼshma taʼlim dasturlari va ilmiy almashuvlarni amalga oshirishdan, suvdan oqilona foydalanishda nemis texnologiyalarini joriy etish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, bioxilma-xillikni saqlash, mutaxassis-ekologlarni tayyorlashda hamkorlik dasturlarini qabul qilishdan manfaatdormiz.
Germaniya Kantslerining Markaziy Osiyo tabiat hamkorligini yaratish boʼyicha tashabbusini amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyormiz va qoʼllab-quvvatlaymiz.
Oltinchi. Transport kommunikatsiyalarining, jumladan, yer usti va havo tashuvlarining zaif rivojlanganligi sherikligimizni chuqurlashtirishda eng katta toʼsiq boʼlmoqda.
Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʼlovchi muqobil transport yoʼlaklarini rivojlantirishga Yevropa institutlarini jalb etishda Germaniya koʼmagiga tayanamiz.
Kelgusi yili ushbu yoʼnalishlar tranzit salohiyatini oshirish yoʼllarini izlash boʼyicha vazirlar qoʼshma konferentsiyasini oʼtkazishni taklif etamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Oʼtgan yili Berlin yangi muzeyida mintaqamiz madaniy-tarixiy merosiga bagʼishlab oʼtkazilgan koʼrgazma bunday tadbirlarni doimiy tashkil etish zarurligini yana bir bor tasdiqladi.
Koʼrgazmaga bir necha oy davomida milliondan ortiq Germaniya poytaxti aholisi va mehmonlari tashrif buyurdi.
Biz mamlakatlarimizda Madaniy tadbirlar qoʼshma rejasi qabul qilinishi tarafdorimiz, Germaniyaning yirik shaharlarida sanʼat va kino kunlari oʼtkazish imkoniyatlarini koʼrib chiqishni va muzey fondlari hamkorligini oʼrnatishni taklif etamiz.
Ilmiy-maʼrifiy almashuvlar sohasida yetakchi oliygohlar sherikligi uchun platformani ishga tushirish, Gyote instituti va Germaniyaning boshqa tashkilotlari nemis tili oʼqituvchilarini tayyorlash boʼyicha dasturlar ishlab chiqish muhim, deb hisoblaymiz.
Shu yozda Gyottingen shahrida oʼtgan Butunjahon olimpiadasida oʼzbekistonlik maktab oʼquvchilarining gʼalaba qozongani ham yoshlarimizning nemis tilini oʼrganishga boʼlgan yuksak qiziqishiga yorqin misoldir.
Sayyohlik va mehnat migratsiyasi sohasida keng koʼlamli hamkorlikni rivojlantirish fuqarolarimiz uchun viza tartiblarini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Hurmatli hamkasblar!
Terrorizm va ekstremizm, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash, yoshlarning radikallashuvining oldini olish boʼyicha yaqin hamkorlikni davom ettirish muhim, deb hisoblaymiz.
Markaziy Osiyodagi xavfsizlik sohasidagi vaziyat Аfgʼonistonda roʼy berayotgan jarayonlar bilan uzviy bogʼliqdir.
Oʼz muammolari bilan deyarli yakka oʼzi qolgan ushbu mamlakatda gumanitar inqirozning chuqurlashib ketishiga yoʼl qoʼymaslik muhim, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan Germaniya va Yevropadagi boshqa sheriklarimiz bilan ushbu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb etish, Termizdagi taʼlim markazida kadrlar, jumladan, xotin-qizlarni, Аfgʼoniston tinch hayoti uchun zarur boʼlgan mutaxassislarni tayyorlash yoʼnalishlarida qoʼshma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.
Soʼzimning nihoyasida shuni alohida taʼkidlamoqchiman, Oʼzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasi bilan Germaniya koʼp qirrali hamkorlik salohiyatini yanada toʼliqroq roʼyobga chiqarishdan manfaatdordir.
Ishonchim komil, bugungi uchrashuvimiz mamlakat va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, strategik sherikligimizni aniq loyiha va dasturlar bilan toʼldirishga imkon beradi.
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.
Hamda bularni ko'ring
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.11-07-2024, 14:39
Prezident Vengriya, Ozarboyjon va Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi31-07-2023, 17:35
26 ta soliq inspeksiyasi va ikki viloyat DSB rahbarlari ishdan olindi3-08-2023, 16:10
"Ochiq eshiklar kuni" tashkil etildi.29-11-2023, 14:19
«Me'mor//2023» arxitektura ko‘rik-tanloviga loyiha taqdim etishning 5 sababi31-07-2023, 11:49